Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi “Xoʻja Nasriddinning gʻaroyib latifalari” kitobini taqdim etadi.
11-fevral kuni Oʻzbekiston davlat qoʻgʻirchoq teatrida “Xoʻja Nasriddinning gʻaroyib latifalari” kitobining taqdimoti va tifloizohlash usuli qoʻllaniladigan
“Oh, bu Nasriddin” spektaklining premyerasi boʻlib oʻtadi.
Xoʻja Nasriddin – Oʻrta Osiyo xalqlarining, shuningdek, Yaqin Sharq va Kavkaz xalqlarining folklor personaji, hajviy va satirik hikoyalar, latifa va ertaklar qahramoni boʻlib, uning latifalari zamonaviy Oʻzbekistonning nomoddiy madaniy merosining ajralmas qismi hisoblanadi. Xoʻja Nasriddinning hikoyalari sirli donolik va xalqchil hajviya bilan turli koʻrinishlarda asrlar davomida ogʻizdan ogʻizga oʻtib kelmoqda, uning oddiy odamlarga koʻrsatayotgan mehri va yordami tufayli kattayu-kichikning sevimli qahramoniga aylanib ulgurgan.
“Xoʻja Nasriddinning gʻaroyib latifalari” bolalar kitobi Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi (Jamgʻarma) va Germaniyaning Cultur-Sooperation International e.V kompaniyasining Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi koʻmagida Oʻzbekistonning madaniyati va sanʼatini xorijda ommalashtirishga qaratilgan hamkorlikdagi ishlarining natijasi boʻlib, Germaniyaning Peacock Verlag Berlin nashriyoti tomonidan 2019-yil noyabr oyida nashr qilingan edi.
Oʻzbek va xorijiy tillarda, shu jumladan rus, nemis va ingliz tillarida nashr etilgan Xoʻja Nasriddinning 40 ta hikoyalarini oʻz ichiga olgan kitobning asosiy xususiyati shundaki, u Oʻzbekiston va Germaniyadagi maktabgacha taʼlim muassasalari bolalarining bevosita ishtirokida yaratildi, yaʼni kitobdagi hikoyalarning illyustratsiyasi uchun aynan ularning rasmlaridan foydalanildi.
Eslatib oʻtish joiz, bundan avvalroq foydalanilgan illyustratsiyalarni tanlash uchun Jamgʻarma tomonidan Maktabgacha taʼlim vazirligi va Berlin maktabgacha taʼlim muassasalari sindikati bilan hamkorlikda xalqaro tanlov tashkil etilgan edi.
Mazkur kitobga taniqli oʻzbek va nemis aktyorlari tomonidan aytilgan hikoyalarning koʻpovozli audio yozuvi yozilgan CD-disk ham ilova qilinishi natijasida koʻzi ojiz va koʻrish qobiliyati sust boʻlgan bolalar uchun ham qulayliklar yaratildi.
Shu bilan birgalikda “Xoʻja Nasriddinning gʻaroyib latifalari” kitobining taqdimoti doirasida xalqaro tanlov natijalariga koʻra tanlab olingan bolalar rasmlarining taktil modellari koʻrgazmasi ham tashkil etiladi. Shuningdek, bolalar uchun mahorat darslari va koʻngilochar dasturlar oʻtkaziladi.
Taqdimot “Koʻngil koʻzi” loyihasi koʻmagida tayyorlangan boʻlib, taqdimotdan soʻng
“Oh, bu Nasriddin” qoʻgʻirchoq spektaklining premyerasi tiflosharhlash usulidan foydalangan holda namoiysh etiladi.
2020 yil 12 va 13 fevral kunlari o‘tkaziladigan “Oh, bu Nasriddin” spektakli, ko‘rgazma va mahorat darslarida 5 yoshdan 10 yoshgacha bo‘lgan 500 nafardan ortiq bolalarning ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Shuni ta'kidlash joizki, “Xo‘ja Nasriddinning g‘aroyib latifalari” kitobi O‘zbekiston madaniyatini ommalashtirish maqsadida O‘zbekiston va Germaniyaning maktabgacha ta'lim muassasalari o‘rtasida tarqatilmoqda.
Tadbir dasturi:
11-13 fevral kunlari O‘zbekiston davlat qo‘g‘irchoq teatrida bo‘lib o‘tadigan tadbir dasturi:
11:00-12:40. “Xo‘ja Nasriddinning g‘aroyib latifalari” bolalar rasmlari taktil ko‘rgazmasi va ular uchun “O‘zing yasab ol” mahorat darslari.
12:00-12:50. “Xo‘ja Nasriddinning g‘aroyib latifalari” kitobi taqdimoti.
13:00-14:00. “Oh, bu Nasriddin” qo‘g‘irchoq shousi.
Namoyishlar 2020 yil 11 fevral – tiflosharhlash usuli yordamida, 12-13-fevral – tiflosharhlashsiz bo‘lib o‘tadi.
Qo‘shimcha ma'lumot:
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentning 2017 yil
16 oktyabrdagi PQ-3325-son qarori bilan xalqaro madaniy aloqalarni kengaytirish va mamlakatda mesenatlikni rivojlantirish, shuningdek, O‘zbekiston madaniyatining jahon sahnasidagi obro‘sini oshirish maqsadida tashkil etilgan.
Jamg‘arma tashkil etilganidan buyon O‘zbekiston davlat san'at muzeyini rekonstruksiya qilish, Samarqand Samarkand Half Marathon xalqaro xayriya marafoni, Toshkentda Zamonaviy san'at markazining ochilishi, Luvr muzeyida “Ipak yo‘lidagi sivilizasiyalar va madaniyatlar” ko‘rgazmasi kabi qator yirik xalqaro loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.
Peacock Verlag Berlin – bu O‘rta Osiyo va Yaqin Sharqning adabiy asarlarini, jumladan Shayx Saadiyning “Guliston”, Umar Hayyomning “Asl ruboiylar”, Amir Xisravning “To‘rt darvishning sarguzashtlari” kabi kitoblarni nashr etgan nemis nashriyoti hisoblanadi.
Tiflosharhlash – bu ko‘zi ojizlar uchun tushunarsiz bo‘lgan obyekt, maydon yoki harakatning maxsus og‘zaki lo‘nda tavsifi. Tiflosharhlashda audideskripsiya usulidan foydalaniladi, bunda mutaxassis oldindan ssenariy bilan tanishib chiqadi va postanovka uchun tiflosharhlashni tayyorlaydi. Mazkur usuldan foydalanilgan bolalar spektaklining namoyishi O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilmoqda.