O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi mamlakatimizning madaniyat muassasalari faoliyatida Bilet operatsiyalarining yagona elektron tizimini bosqichma-bosqich amalga oshirishni boshladi.
Boshlang‘ich sinov namunasi sifatida BOYETga Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri, O‘zbek milliy drama teatri, Muqimiy nomidagi davlat musiqali teatri va Buxoro davlat muzey-qo‘riqxonasi ulandi. Sinov davrining birinchi bosqichida ushbu muassasalar xodimlari tizimda ishlashning o‘ziga xos xususiyatlari bilan tanishadilar hamda chiptalarni sotishda tizimdan foydalanishni boshlaydilar. Sinov muddati yakunidan so‘ng, chiptalar bilan ishlaydigan mamlakatning barcha davlat teatrlari, muzeylar va Madaniyat vazirligining boshqa idoraviy tashkilotlari BOYETga ulanadi.
Tizimni joriy etishdan asosiy maqsad mamlakatdagi madaniyat muassasalarda amalga oshirilayotgan chiptalar savdosini monitoring qilish, taqdim etilayotgan xizmatlarning shaffofligi, sifati va xavfsizligini ta'minlash hamda ushbu sohadagi spekulyativ faoliyatni minimallashtirishdan iborat. Sohada regulyatorning paydo bo‘lishi raqobat muhitini yaxshilaydi, bozorni monopoliyadan chiqarishga olib keladi, shuningdek, sinergetik ta'sir tufayli barcha manfaatdor tomonlarning daromadlarini oshishiga xizmat qiladi.
BOYET madaniy tadbirlarni tashkillashtiruvchilar, agentlar va tomoshabinlar o‘rtasida maqbul aloqa o‘rnatadi. Mehmonlar uchun chiptalarni onlayn xarid qilishda va biron bir tadbirga yoki madaniyat muassasasiga tashrif buyurishida ulardan bexavotir foydalanish uchun qulay sharoitlar yaratiladi.
Shuningdek, ushbu bosqichida blokcheyn texnologiyasidan foydalanish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Mazkur texnologiya chiptalar sotilishida yanada shaffoflikni ta'minlash bilan birga, chiptalar savdosi bilan bog‘liq har qanday holatni ushbu texnologiya bilan himoyalangan ma'lumotlar bazasida qayd etadi. Bunday zanjirli ma'lumotlar yozuvini o‘zgartirish yoki o‘chirish mumkin emas.
BOYETning ishga tushurilishi madaniyat tadbirlariga chipta sotish uchun onlayn-savdo platformalari, shuningdek, provayderlar va boshqa xizmatlarning faoliyatini cheklamaydi. Yaratilgan raqobat muhitidan qulay va mos xizmat turini tanlash huquqini xaridorning o‘zida qoldiradi.