"Samarkand Marathon" saralash bosqichi ishtirokchisiga aylandi!

O‘qish vaqti: 6 min.

Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi va Abbott World Marathon Majors vakillari o‘rtasida Kelishuv tuzildi, unga ko‘ra "Samarkand Marathon" AbbottWMM Wanda Age Group Championship  jahon chempionatining yosh guruhlari bo‘yicha saralash bosqichi ishtirokchisiga aylandi.

Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi “Samarqand marafoni” loyihasi tashabbuskori hisoblanadi. Marafon 2019-yildan buyon har yili o‘tkazib kelinmoqda.
3 yil davomida marafonda 40 dan ortiq davlatdan 6000 dan ziyod ishtirokchi qatnashdi.

Loyihaning asosiy maqsadi mamlakat madaniyat va san’at muassasalarida jamoatchilik e’tiborini inklyuzivlik mavzusiga jalb qilish, shuningdek, O‘zbekistonda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va sport turizmini rivojlantirishdan iborat.

"Samarkand Marathon" loyihasi har yili turli xayriya maqsadlariga yo‘naltiriladi.

2019-yilda marafondan ko‘zlangan maqsad mamlakat madaniyat muassasalarida tiflosharhlash amaliyotini joriy etish bo‘lgan.

Natijada 20 dan ortiq spektakllar tiflosharhlash yordamida sahnalashtirildi, REAKOMP Institutida (Rossiya) Jamg‘arma granti asosida tahsil olgan 2 nafar mutaxassis tayyorlandi. Jamg‘arma har yili tiflosharhlash mutaxassisligi bo‘yicha grant e’lon qilgan. Grant o‘qish bilan bog‘liq barcha xarajatlarini o‘z ichiga oladi. Grant haqida batafsil ma’lumot bilan www.acdf.uz saytida tanishishingiz mumkin.

Tiflosharhlash - bu maxsus og‘zaki tushuntirishlarsiz ko‘zi ojizlar uchun tushunarsiz bo‘lgan narsa, joy yoki harakatning lo‘nda tavsifi. Maxsus tayyorlangan tiflo-izohlar yordamida ko‘zi ojiz yoki zaif ko‘ruvchi insonlar sahnada sodir bo‘layotgan voqealarning to‘liq vizual tasvirini shakllantirishlari mumkin.

2020-yildagi maqsad - ASB (Autizm spektrining buzilishi) bo‘lgan bolalar uchun bolalar badiiy studiyasini yaratishdan iborat bo‘lgan.

Ushbu bolalar studiyasi "Samarkand Half Marathon 2020"da e’lon qilgan maqsadning natijasi bo‘ladi.

Studiya zamonaviy texnologiyalarni hisobga olgan holda, “Navro‘z” bog‘idagi qulay joylashuvga ega maydonda yaratiladi. Binoda ijodiy va interaktiv faoliyat uchun barcha sharoitlar mavjud bo‘ladi: dam olish maskani, ijodiy ustaxona, hovli, ota-onalar uchun kutish maydoni. Bugungi kunda studiya qurib bitkazilmoqda va u ham o‘smirlar, ham bolalar uchun birdek xizmat qiladi.

2021-yildagi yarim marafonning  nogironligi bo‘lgan shaxslarni madaniyat muassasalarida ish bilan ta’minlashdan iborat.

Nogironlarning jamiyatga kompleks integrasiyalashuvida qo‘llab-quvatlash muhim vazifalardan biridir. Bu boradagi ishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Ushbu bosqichda nogironligi bo‘lgan shaxslarni ish bilan ta’minlash sohasidagi muammolar o‘rganilmoqda. Mart oyida Jamg‘arma nogironligi bo‘lgan shaxslarni ish bilan ta’minlash istagida bo‘lgan madaniyat muassasalari uchun ochiq tanlov e’lon qiladi. Keyinchalik nogironligi bo‘lgan shaxslarni ish joyiga moslashtirish dasturlari ishlab chiqiladi.

Bu yilgi AbbottWMM Wanda Age Group jahon chempionati saralash yugurish poygalarida dunyoning eng yaxshi 300 ta musobaqasi, shuningdek, eng muhim oltita marafon o‘rin olgan va hozirda "Samarkan Marathon" ham shular qatoriga kiradi. Demak, 40 yoshdan oshgan har bir ishtirokchi "Samarkan Marathon"da  ishtirok etib, ochko to‘plashi va Abbott World Marathon Majors global yosh toifasi reytingiga kiritilishi mumkin bo‘ladi. Eng yaxshi natija qayd etgan ishtirokchilar Londonda (Buyuk Britaniya) bo‘lib o‘tadigan marafon bo‘yicha jahon chempionatining yosh guruhlarida qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Abbott World Marathon Majors - bu dunyodagi eng katta va mashhur 6 ta marafonlar seriyasi jamlanmasidir. Uning tarkibiga Tokio, Boston, London, Berlin, Chikago va Nyu-York marafonlari kiradi.

Saralash poygasi maqomini olish 2022-yil 6-noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan to‘rtinchi "Samarkand Marathon"da ishtirok etadigan 40 yoshdan oshgan yuguruvchilarning natijalari jahon reytingida hisobga olinishini anglatadi. AbbottWMM Wanda World Age Group reytingi bir yillik saralash davrini (2022-yil 1-yanvardan 2022-yil 31-dekabrgacha) o‘z ichiga oladi, bu davrda to‘qqiz xil yosh toifasidagi sportchilar (erkaklar va ayollar: 40-44, 45-49, 50-54, 55- 59, 60-64, 65-69, 70-74, 75-79, 80+) butun dunyo bo‘ylab saralash marafonlarida qatnashib, reyting ochkolarini qo‘lga kiritadilar.

Ushbu davr oxirida har bir yosh guruhidagi eng yaxshi yuguruvchilar (eng ko‘p reyting ochkolari bilan) TCS London Marafoni doirasida 2023-yilda Londonda bo‘lib o‘tadigan AbbottWMM Wanda Age Group jahon chempionatiga taklif qilinadi.

AbbottWMM Wanda Age Group Jahon reytingi haqida ko‘proq ma’lumot olish uchun www.abbottwmm.com saytiga tashrif buyuring.


O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi haqida

Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi O‘zbekistonda madaniyat, san’at, adabiyot, teatr, musiqa, arxitektura va xoreografiyani rivojlantirishga qaratilgan loyihalar tashabbuskoridir. U xalqaro madaniy aloqalarni o‘rnatishga, mamlakat madaniy salohiyatini jahon miqyosida targ‘ib qilishga xizmat qiladi. Jamg‘armaning uzoq muddatli dasturlari qatoriga mamlakatimiz madaniyat muassasalarida inklyuziv va qulay muhitni yaratish, muzeylarni ta’mirlash, metsenatlikni rivojlantirish hamda muzeylar, teatrlar, madaniyat muassasalari va boshqa sohalar uchun kadrlar salohiyatini shakllantirishga ko‘maklashish kiradi.

Ma’lumot uchun:

Rasmiy sayt: https://www.acdf.uz
Instagram: https://instagram.com/acdfuz
Facebook: https://www.facebook.com/acdfuz
Telegram: https://t.me/acdfuz
Email: info@acdf.uz