O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi 2021 yilda Luvr muzeyida bo‘lib o‘tadigan “Ipak yo‘lida sivilizasiya va madaniyat” ko‘rgazmasini o‘tkazishga faol tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Hozirgi kunda O‘zbekiston delegasiyasi Luvr muzeyi xodimlari bilan amaliy uchrashuvlar o‘tkazmoqda, unda ko‘rgazma konsepsiyasi, eksponatlar ekspozisiyasi, ularni ta'mirlash, tashish va saqlash, muzey ko‘rgazma zallarini tayyorlash bilan bog‘liq masalalar atroflicha muhokama qilinmoqda.
Bugun, 7 iyun' kuni Luvr muzeyining Molena zalida ko‘rgazmaning ilmiy-tashkiliy qo‘mitasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Yig‘ilishda Luvr muzeyi va olimlar (Fransiya), Ermitaj muzeyi va Sharq davlat muzeyi (Rossiya), O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi San'atshunoslik instituti va O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi vakillari, shuningdek, O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi vakillari ishtirok etmoqda. Yig‘ilish doirasida ko‘rgazmaga bag‘ishlangan ilmiy katalogni yaratish va chop etish ham muhokama qilinadi.
Luvr muzeyida yaqinda bo‘lib o‘tadigan “Ipak yo‘lida sivilizasiya va madaniyat” ko‘rgazmasi va xalqaro ekspertlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiya haqidagi ma'lumotlar bilan bu yerda tanishishingiz mumkin: //acdf.oz/news/31