Ushbu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi ofisida “Zetcom” kompaniyasining mutaxassisi Lena Papailiou tomonidan uch kunlik trening o‘tkazilmoqda, va unda mutaxassislar muzeylar katalogizasiyasi bo‘yicha jahonning eng yaxshi platformalaridan biri MuseumPlus platformasi ishini o‘rganishmoqda.
Ilgari xabar berganimizdek, Jamg‘arma tomonidan O‘zbekiston muzeylarida onlayn katalogizasiyani joriy etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Onlayn platformaning test davri to‘rtta muzeyda amalga oshiriladi: O‘zbekiston davlat san'at muzeyi, O‘zbekiston amaliy san'at va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyi, I.V.Saviskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san'at muzeyi va Oybek uy-muzeyi.
Hafta boshidan boshlab muzeylar vakillari va Jamg‘arma xodimlari Shveysariyadan taklif etilgan “Zetcom” kompaniyasining mutaxassisi Lena Papailiou tomonidan o‘tkazilayotgan treninglarda ishtirok etmoqda. Treningda mutaxassis MuseumPlus platformasi bilan tanishtirib, dastur ishlashining ahamiyatli jihatlari, so‘ngra, trening qatnashchilari o‘rtasida muzeylarimizda dasturni ishga tushirishda muhim holatlarni izohlab bermoqda.
Bugungi kunga qadar yuqorida qayd etilgan O‘zbekiston muzeylarining mutaxassislari muzeylarning ma'lumotlar bazasini yaratish bo‘yicha ma'lum ishlarni amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ldilar, jumladan: muzeyning har bir eksponatini batafsil tasniflash bo‘yicha maxsus jadvallar ishlab chiqish, inventarizasiyadan o‘tkazish va katalogizasiyani yangi tizimga o‘tkazishda mutaxassislarni dastlabki tayyorlash. Keyingi bosqichda mazkur jadvallarni MuseumPlus dasturiy ta'minotida yuklash amaliyoti o‘tkazilishi belgilangan.
Jahon muzeylari orasida MuseumPlus platformasidan keng foydalanayotganlar orasidan Luvr muzeyi, N'yu-York shahar muzeyi, Shimoliy-G‘arb madaniyat va san'at muzeyi kabilarni keltirish mumkin. Mazkur platformaning kompleks va moslashuvchan ilovalari real vaqt davomida muzeylarning ichki hisobotlarini boshqarishni ta'minlaydi hamda kolleksiyalarning turli xillari va ular bilan bog‘liq jarayonlarni hujjatlashtiradi. Mazkur platforma tushunarli interfeysga ega bo‘lib, brauzerr asosida ishlaydi va istalgan joydan internetga ulanish orqali ma'lumotlarni olish imkoniyatini yaratadi. Dastur avtomatik tarzda ro‘yxatlarni va hisoblashlarni yuritadi hamda muzey ishi bo‘yicha hisobotlarni taqdim etish imkoniyatiga ega.
Lena Papailiou, “Zetcom” kompaniyasining loyihalar bo‘yicha menejari:
- Toshkentga kelgan kunimning birinchi kunidayoq O‘zbekiston muzeylari mutaxassislari tomonidan to‘plangan ma'lumotlar bazasini tahlil qilishdan boshladim. Mening asosiy vazifam: bizning dasturiy ta'minotimizni o‘rnatish va undan foydalanish bo‘yicha barcha masalalarni hal etish, chunki MuseumPlusning asosiy foydalanuvchilari muzey xodimlari hisoblanishadi. Bundan tashqari, muzeylarda kolleksiyalar va hisobotlarning hajmi har xil bo‘lganligi uchun har bir muzeyning talabini alohida tushunish lozim. Mazkur jarayonda individual yondashuv ahamiyatlidir, va men Jamg‘arma tomonidan treningning tashkil etilishidan xursandman, chunki to‘rtta muzey vakillari bilan samarali ish olib borish, MuseumPlus dasturi yechishi mumkin bo‘lgan masalalarni tushunish imkoniyatini bermoqda. Oldinda qilinadigan ishlar kam emas, ammo men chin dildan xursandmanki, O‘zbekiston muzeylar faoliyatini rivojlantirishda xalqaro darajaga chiqmoqda, va, o‘ylaymanki, bizning hamkorligimiz yaqin vaqtda O‘zbekiston muzeylaridagi ko‘plab jarayonlarni optimallashtirishga xizmat qiladi.