Oʻzbekistonning madaniy va tabiiy merosi jahonga mashhur nashriyotchi Yaffa Assulin va fotograf Laziz Xamani kitobida

O‘qish vaqti: 2 min.

“Oʻzbekiston. Samarqandga yoʻl” kitobi Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi va “Assouline Publishing” (Fransiya) nashriyotining hamkorlikdagi loyihasi hisoblanadi.

Mazkur kitob 2021-yil 21-oktyabrdan 2022-yil 7-fevralgacha Luvr muzeyida “Ipak yoʻlidagi sivilizatsiya va madaniyatlar” ishchi nomi bilan oʻtkaziladigan koʻrgazmaga hamohangdir. Kitob mualliflari – noshir Yaffa Assulin va dunyoga mashhur fotosuratchi Laziz Xamani.

Luvrdagi koʻrgazma ekspozitsiyasi ketma-ketlik asosida yaratiladi – muzeyga tashrif buyuruvchilar Oʻzbekistonning turli hududlari va tarixiy davrlaridagi madaniyatini koʻrish imkoniyatiga ega boʻladilar. Fotosuratchi Laziz Hamani 50 kundan ortiq vaqt davomida Oʻzbekistonda suratga olish ishlarini olib bordi va mazkur kitobda mamlakatimizning madaniy va tabiiy merosini namoyish etish uchun koʻrgazma konsepsiyasiga amal qildi. Kitob joriy yilning mart oyida nashriyotning jahondagi 20 ta mamlakatidagi doʻkonlarida paydo boʻladi, shuningdek, Londondagi “Maison Assouline” kitob doʻkonida kitobning taqdimot marosimi boʻlib oʻtadi. Mazkur kitobning Toshkentdagi taqdimoti joriy yilning aprel oyida Yaffa Assulin va Laziz Hamani ishtirokida oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

“Oʻzbekiston – tasavvurlar haqiqatga toʻgʻri keladigan sayyoramizning kamsonli joylaridan biri. Mamlakat oʻzining beqiyos manzaralari va unutilmas anʼanalariga boy. Oltin saroylar va ajib yodgorliklar bilan bezatilgan mintaqaning meʼmoriy landshafti shu qadar tafsilotlarga boyki, baʼzida bu inshootlar osmonda oʻz aksini topganday goʻyo”- deya kitobning kirish soʻzida maʼlumot beriladi.

Fotosuratlar