28 va 29 fevral kunlari O‘zbekiston davlat yoshlar teatri sahnasida tiflosharhlash yordamida spektakllar namoyish etiladi. Ushbu tadbir "Ko‘ngil ko‘zi" loyihasi ko‘magida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan tashkil etilmoqda. O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati markaziy boshqarmasi spektakllarga Toshkent shahri va Toshkent viloyatining ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi aholisini taklif qiladi.
Tomoshabinlarga Temur Zulfiqorovning «Xo‘ja Nasriddinning birinchi muhabbati» dostoni, shuningdek, «Asir tabib» teatrlashtirilgan spektakli hikoya qilib beriladi. Spektakl rejissyori – «O‘zbekiston Respublikasi san'at arbobi» Nabi Abduraxmanov.
O‘tgan yili Jamg‘arma mamlakatimizning madaniyat muassasalarida inklyuziv muhitni yaratish bo‘yicha uzoq muddatli dastur asosida ish boshladi. Teatrlarimizda tiflosharhlash orqali sahnalashtirilgan spektakllar namoyish etilishi ushbu dasturning elementlaridan biridir. Jamg‘arma ushbu loyiha bo‘yicha texnologiya muallifi Reakom instituti bilan hamkorlik qilmoqda. Fevral oyida rossiyalik hamkasblarimiz bilan birgalikda yana bir ta'lim dasturining ishga tushirilganini e'lon qilgan edik. Ta'lim dasturini muvaffaqiyatli tamomlagan mutahassislar Jamg‘arma loyihalari ustida ish olib boradi. Mamlakatimiz teatrlarida ushbu innovasion loyihani amalga oshirish 2019 yil noyabr oyida O‘zbekiston tarixida ilk marotaba bo‘lib o‘tgan Samarqand xalqaro xayriya yarimmarafonidan tushgan mablag‘lar hisobiga amalga oshirilmoqda.