Moskvaning “Reakomp” instituti tiflosharhlash yoʻnalishida taʼlim olish boʻyicha grant

O‘qish vaqti: 3 min.

Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi “Reakomp” instituti bilan birgalikda Oʻzbekiston teatrlarining spektakl namoyishlarida tiflosharhlash loyihasini joriy qilish boʻyicha taʼlim dasturida qatnashish uchun nomzodlarni tanlab olishni boshladi. Tanlovda ishtirok etish uchun pasport nusxasi, motivatsion xat, avtobiografiya, rezyume, oliy yoki oʻrta maxsus taʼlimga ega ekanlikni tasdiqlovchi hujjat talab etiladi. Hujjatlarni scholarship@acdf.uz elektron manziliga yoki Toshkent shahri, Mirobod tumani, Taras Shevchenko koʻchasi, 1-uy manziliga joʻnatish lozim. Arizalar 2020-yil 15-fevralgacha qabul qilinadi.

Onlayn test sinovlari va suhbat natijalariga koʻra tanlab olingan Oʻzbekistonlik nomzodlar mazkur oʻquv dasturining ishtirokchilariga aylanadi. Oʻqitish ikki bosqichda boʻlib oʻtadi: onlayn-kurs va Moskvadagi “Reakomp” institutida kunduzgi taʼlim. “Reakomp” bu – Butunrossiya koʻzi ojizlar jamiyatining yetakchi tashkiloti. Ushbu tashkilot kompyuter tiflotexnologiyalarini qoʻllagan holda imkoniyati cheklangan shaxslarni reabilitatsiya qilish ishlarini olib boradi. Shuningdek “Reakomp” kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish, koʻrish imkoniyati cheklangan kishilarni oʻqitish boʻyicha yangi pedagogik yondashuvlarni qoʻllash bilan shugʻullanadi. Taʼkidlash joizki, Jamgʻarma aviaqatnov, yashash va yeb-ichish kabi xarajatlarni oʻz zimmasiga oladi. Dastur yakuniga yetgach, taʼlim olgan mutaxassislar Oʻzbekiston teatrlarida koʻzi ojiz va zaif koʻradigan tashrif buyuruvchilar bilan ishlashadi.

Tiflosharhlash - bu koʻzi ojiz kishilarga tushunarsiz boʻlgan maʼlum bir hodisani, voqeani yoki hatti-harakatni izohlash orqali qisqa shaklda tushuntirib berish usuli. Koʻzi ojiz yoki zaif koʻradigan shaxslar maxsus tayyorlangan tiflosharhlar yordamida sahnada roʻy berayotgan hodisalarning vizual obrazini toʻliq shakllantira olishi mumkin.

Eslatib oʻtamiz, 2019-yil Samarqand shahrida Oʻzbekiston tarixida ilk xalqaro yarim marafon boʻlib oʻtdi. Ushbu tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad madaniyat va sanʼat obyektlaridagi inklyuzivlik masalalariga jamoatchilik eʼtiborini qaratish, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish hamda mamlakatda sport turizmini rivojlantirish edi. Yarim marafondan tushgan mablagʻlar Toshkent teatrlarida tiflosharhlash loyihasini amalga oshirishga yoʻnaltirildi.

Jamgʻarma tomonidan tayyorlangan Vazirlar Mahkamasi qaroriga muofiq, Oʻzbekiston muzeylarida imkoniyati cheklangan shaxslar, maktabgacha taʼlim yoshida boʻlgan bolalar va nafaqadagi kishilar uchun inklyuziv sharoitlar yaratiladi. Ushbu murakkab va uzoq muddatli jarayon nafaqat muassasalar infratuzilmasini, balki taʼlim dasturlarini ham yangilashni, shuningdek inklyuziv xizmat koʻsatish boʻyicha xodimlarni qayta tayyorlashni talab qiladi. Ushbu rejalar 2020-2021-yillarga moʻljallangan inklyuzivlik dasturda koʻzda tutilgan.