Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi “EXPO 2020 DUBAI”da ishtirok etdi.

O‘qish vaqti: 5 min.

“EXPO 2020 DUBAI” butunjahon ko‘rgazmasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi bir qator madaniy tadbirlarni tashkil etdi.


26-noyabr kuni - “EXPO 2020 DUBAI” butunjahon ko‘rgazmasining O‘zbekiston pavilonida Nukus shahrida joylashgan I.V.Savitskiy nomidagi Davlat san’at muzeyi kolleksiyalarini o‘rganish bo‘yicha kelishuvni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda Tretyakov Davlat galereyasi o‘rtasida I.V.Savitskiy nomidagi Davlat san’at muzeyi kolleksiyalarini o‘rganish, sheriklik munosabatlarini o‘rnatish va tomonlarning uzoq muddatli, samarali va o‘zaro manfaatli hamkorligini rivojlantirish maqsadida kelishuv imzoladi.

Ikki tashkilot o‘rtasidagi hamkorlik madaniyat sohasidagi ta’limni, mutaxassislar malakasini oshirish, ilmiy maslahat berish, shuningdek, ushbu kelishuvda ko‘rsatilgan vazifalarni bajarishga ko‘maklashadigan muzeylar mutaxassislarining amaliyot jarayonlarini va master-klasslarini tashkil etishga xizmat qiladi.

Gayane Umarova, Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ijrochi direktori:
"Joriy yilning bahor mavsumida Tretyakov galereyasi 2017-yilda tashkil etilgan Jamg‘armamizning birinchi va asosiy hamkorlaridan biriga aylandi. Biz Tretyakov galereyasi tomonidan ushbu ko‘makni, ham strategik sherik sifatida ham Zelfira Ismailovna siymosidagi qadrli do‘stimiz sifatida juda qadrlaymiz. Va ushbu ishonch asosida qurilgan munosabatlarni bugungi kelishuv bilan mustahkamlaymiz. Shuningdek, Zelfira Ismoilovnaga Jamg‘armamiz bilan Tretyakov galereyasi o‘rtasidagi qo‘shma loyihalarimizni amalga oshirishda, hamkorligimizni qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratayotgani uchun ulkan minnatdorchiligimni bildirmoqchiman. Rus muzeyining ekspozisiyalarini to‘liq tiklashga tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz va yaqin kelajakda ushbu yangi loyihamiz haqida xalqaro madaniy jamiyatga e’lon qilishni rejalashtirmoqdamiz. E’tiboringiz uchun katta rahmat”.

Zelfira Tregulova, Tretyakov galereyasi bosh direktori:
"Biz O‘zbekistondagi hamkasblarimizga ularning malakasini oshirish, maslahatlashuvlarda maksimal darajada yordam berishni istaymiz. Biz bunday vazifalarni bajarishga tayyormiz. Ushbu hamkorlik muzey sohasidagi yangi tadqiqotlar, yangi texnologiyalarni rivojlantirishga qaratiladi. Barchamizni, mutlaq ishonch va o‘zaro tushunish, qo‘llab-quvvatlash asosida shakllangan  hamkorligimizning yangi muhim bosqichini boshlayotganimiz bilan tabriklayman. Ivan Kudryashovning yorqin ekspozisiyalari namoyishini tashkil etishda yordam berganingiz uchun Jamg‘armaga katta minnatdorchilik bildiraman”.

 

27-noyabr kuni – “EXPO 2020 DUBAI” butunjahon ko‘rgazmasida Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan taqdim etilayotgan madaniy dastur doirasida “Dubai Opera” sahnasida “Lazgi –Muhabbat va Qalb raqsi” balet spektaklining xalqaro premyerasi bo‘lib o‘tdi. Tadbirning mehmonlari sifatida Birlashgan Arab Amirliklari hukumati, investitsiya va biznes jamoatchiligi vakillari, madaniyat va san’at namoyondalari va b. ishtirok etdi.

O‘zbek xalqining asl an’analarini o‘zida saqlagan Xorazm raqsi mutlaqo yangi talqinda xalqaro hamjamiyatga taqdim etildi. “Lazgi – Muhabbat va Qalb raqsi” baletining sahnalashtirilishi O‘zbekiston baletini yangi bosqichga olib chiqdi va dunyo bo‘ylab o‘zining birinchi gastrol safarini boshladi. O‘zbekiston madaniy merosi, tarixining ajralmas qismi hamda uning eng mashhur raqslaridan biri bo‘lgan “Lazgi” ilk marotaba  “Dubai Opera” ko‘p formatli ijro san’atlari markazi sahnasida namoyish etildi.

“Lazgi” raqsining uch ming yillik tarixga ega. Xorazmning ushbu raqsi jumboqlar va afsonalarga boy bo‘lib, o‘zida qadimgi xalq donoligini ifodalaydi.

 “Lazgi – Muhabbat va Qalb raqsi” spektakli mehmonlari yorqin sahna va milliy obrazlari orqali o‘zbekona qadriyatlar muhitiga sho‘ng‘ib, xalqining hayotiy falsafasini chuqur his qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

 

30-noyabr kuni “Jubileye Park EXPO 2020” sahnasida Behzod Abduraimov o‘z tinglovchilarini jahon kompozitorlarining mashhur asarlari bilan quvontirdi.

 “EXPO 2020 DUBAI” butunjahon ko‘rgazmasida ishtirok etayotgan O‘zbekistonning madaniy dasturi doirasida iqtidorli va xalqaro pianinochilar tanlovi g‘olibi – Behzod Abduraimovning klassik konsert dasturi taqdim etildi.

Pianinochi tomoshabinlar va muxlislar uchun List, Betxoven, Shopen, Musorgskiy, Prokofyev hamda Chaykovskiylarning jahonga mashhur klassik asarlari bilan boyitilgan dasturni namoyish etdi.

Behzod Abduraimov ko‘plab san’at ixlosmandlari orasida juda mashhur. U Toshkentda joylashgan V.A.Uspenskiy nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa liseyida o‘zining dastlabki mahorat darslarini olgan. Shuningdek, musiqachi Kanzas shahrida joylashgan “Park” universiteti qoshidagi xalqaro musiqa markazida ta’lim olgan.

Iste’dodli virtuozning konsert dasturlari Osiyo, Yevropa va Amerikaning rivojlangan mamlakatlarida ham mashhur bo‘lib, katta muvaffaqiyatlar bilan o‘tadi.

 

Fotosuratlar