O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi Reakomp instituti (Rossiya) bilan hamkorlikda O‘zbekistonda tiflosharhlovchilarni tayyorlash bo‘yicha ikkinchi o‘quv dasturiga grant e’lon qiladi. Tanlovda ishtirok etish uchun ishtirokchilar pasport nusxasi, motivatsiya xati, avtobiografiya, rezyume, oliy yoki o‘rta-maxsus ma’lumotni tasdiqlovchi hujjat nusxasini tiflo@acdf.uz elektron manziliga yoki Toshkent sh., Mirobod tumani, Taras Shevchenko ko‘ch., 1-uy manziliga yuborishlari kerak. Arizalar 2022-yil 15-martgacha qabul qilinadi.
Motivatsiya xati loyihadagi ishtirokingiz maqsadi va mohiyatini o‘z ichiga olishi va quyidagi savollarga javob berishi lozim:
- Loyiha haqida qayerdan eshitdingiz va nima uchun ishtirok etishga qaror qildingiz?
- O‘zbekiston va MDH davlatlarida tiflosharhlash haqida nimalarni bilasiz?
- Ilgari qanday ijtimoiy loyihalarda ishtirok etgansiz?
- O‘zbekistonda inklyuziv muhitni rivojlantirishga qo‘shadigan hissangizni qanday ko‘rasiz?
Tanlovning onlayn-test sinovlari va suhbat natijalariga ko‘ra saralangan O‘zbekistonlik nomzodlar ta’lim dasturi ishtirokchisiga aylanadi. Ta’lim dasturi ikki bosqichda bo‘lib o‘tadi: onlayn-kurs va Moskvadagi “Reakomp” institutida kunduzgi ta’lim. “Reakomp” – MDH hududidagi ko‘zi ojizlar jamiyatining yetakchi muassasasi bo‘lib, u kompyuter tiflotexnologiyalaridan foydalangan holda nogironligi bo‘lgan shaxslarni kompleks reabilitatsiya qilish, kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish, shuningdek, ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan insonlarni o‘qitishga yangi pedagogik yondashuvlarni joriy qilish kabi faoliyat bilan shug‘ullanadi. Aytish joizki, dastur doirasidagi aviachiptalar, turar-joy va ovqatlanish kabi asosiy xarajatlar Jamg‘arma tomonidan qoplanadi. Dastur yakunlangach, loyiha bitiruvchilari O‘zbekistondagi teatrlarida ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchilar bilan ish olib boradilar.
Tiflosharhlash - bu maxsus og‘zaki tushuntirishlarsiz ko‘zi ojizlar uchun tushunarsiz bo‘lgan narsa, joy yoki harakatning lo‘nda tavsifi. Maxsus tayyorlangan tiflo-izohlar yordamida ko‘zi ojiz yoki zaif ko‘ruvchi insonlar sahnada sodir bo‘layotgan voqealarning to‘liq vizual tasvirini shakllantirishlari mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 2019-yilning noyabr oyida Samarqand shahrida O‘zbekiston tarixidagi birinchi xalqaro yarim marafon bo‘lib o‘tib, uning maqsadi madaniyat va san’at obyektlarida inklyuziv muhitni yaratish muammosiga jamoatchilik e’tiborini jalb qilish, shuningdek, O‘zbekistonda sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish va sport turizmini rivojlantirishdan iborat edi. Yarim marafondan kelib tushgan mablag‘lar Toshkent teatrlarida tiflosharhlash loyihasini amalga oshirishga sarflandi.
Jamg‘arma tomonidan tayyorlangan Vazirlar Mahkamasining qarori bilan nogironligi bo‘lgan shaxslar, maktabgacha yoshdagi bolalar va pensionerlarning O‘zbekiston muzeylariga kirishi uchun inklyuziv sharoitlar yaratiladi. Bu nafaqat muassasalar infratuzilmasini yangilash, balki inklyuziv xizmat ko‘rsatishga qaratilgan ta’lim dasturlari va xodimlarni qayta tayyorlashni ham o‘z ichiga olgan murakkab va uzoq muddatli jarayon. Ushbu rejalar 2020-2021 yillarga mo‘ljallangan inklyuzivlik dasturida ko‘zda tutilgan.
Jamg‘arma tasviriy san’at, adabiyot, teatr, musiqa va xoreografiya yo‘nalishlarida muntazam ravishda tadbirlar tashkil etadi va ularni qo‘llab-quvvatlaydi. Jamg‘arma xalqaro madaniy aloqalarni kengaytirish, mamlakatda homiylikni rivojlantirish, shuningdek, O‘zbekiston madaniyatini jahon miqyosida keng targ‘ib qilish bilan shug‘ullanadi. Davlat san’at muzeyini rekonstruksiya qilish, “Samarkand Half Marathon” xalqaro xayriya yarim marafoni, Toshkentda Zamonaviy san’at markazining ochilishi, Luvr muzeyida “Ipak yo‘lidagi sivilizatsiyalar va madaniyatlar” ko‘rgazmasi – Jamg‘armaning shu va yana shu kabi boshqa loyihalari haqida ma’lumot bilan quyidagi havolalar orqali tanishishingiz mumkin:
Rasmiy sayt: acdf.uz
Instagram: instagram.com/artsculturefndt
Facebook: facebook.com/ArtsCultureFndt
Telegram: t.me/acdfuz