Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi mamlakatning toʻrtta muzeyida: Oʻzbekiston davlat sanʼat muzeyi, Oʻzbekiston davlat amaliy sanʼat muzeyi, Oybek uy-muzeyi va I.V. Saviskiy nomidagi davlat sanʼat muzeyida sinov tariqasida elektron katalog tizimini joriy qildi.
Elektron katalogizatsiya ikki bosqichda joriy etiladi. Birinchi bosqich faqat muzey xodimlari uchun moʻljallangan ichki elektron katalog tizimidir. Ushbu elektron katalog muzeyning ichki hisobotlarini boshqarishga va maxsus programma orqali muzey eksponatlari boʻyicha hujjatlar tuzishga yordam beradi. Oʻzbekiston Respublikasi Milliy muzey fondining elektron katalog tizimini joriy etish Museum Plus dasturiy taʼminoti yordamida amalga oshiriladi. Ushbu dastur 1998-yil Bern shahrida tashkil topgan Shveysariyaning “Zetcom” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Kompaniya Berlin, Parij va Barselona shaharlarida oʻz filiallariga ega, shuningdek “Zetcom”ning Singapur va Afinada hamkorlik ofislari ham mavjud. Museum Plus platformasidan Luvr muzeyi, Nyu-York shahri muzeyi, Shimoliy-gʻarbiy madaniyat va sanʼat muzeyi kabi koʻplab mashhur muzeylar ham foydalanadi.
Muzey va Jamgʻarma xodimlariga mazkur dasturdan foydalanishni oʻrgatish maqsadida “Zetcom” kompaniyasining mutaxassislari tomonidan treninglar oʻtkazildi. Mashgʻulotlar davomida mutaxassislar tinglovchilarga Museum Plus platformasi bilan ishlashni oʻrgatishdi, shuningdek u dasturning nozik tomonlari haqida gapirib berdilar. Tayyorgarlik tadbirlari yakunida yuqorida nomi tilga olingan muzeylar xodimlari elektron katalog tizimini yaratish boʻyicha ishlar olib borishdi.
Ayni paytda Jamgʻarma yuqorida tilga olingan muzeylar xodimlariga Museum Plus tizimidan foydalanish ishlarini boshlab yubordi.
Ikkinchi bosqichda tashqi virtual galereya - muzeylarning kataloglari joylashgan saytni yaratish rejalashtirilgan. Mazkur sayt barcha internet foydalanuvchilari uchun ochiq boʻlib, unda eksponatlarni yuqori sifatda tomosha qilish, shuningdek har bir muzeyning asosiy ekspozitsiyasidagi eksponatlarning taʼrifi va tarixi bilan tanishish imkoni boʻladi.