Biz bilan yuguring! Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi Samarqand yarimmarafon ishtirokchilarini ro‘yxatga olishni boshladi

O‘qish vaqti: 7 min.

Samarkand Half Marathon – hayriya musobaqasi O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan har yili Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda Samarqand viloyat hokimligi bilan hamkorlikda tashkil etiladi. Mazkur musobaqa madaniyat va san'at obyektlaridagi mavjud inklyuziv muammolarga jamoatchilik e'tiborini qaratish, shuningdek, mamlakatimizda sog‘lom turmush tarzi va sport turizmini rivojlantirish masalalarini hal qilishga yordam beradi.

Bugun biz www.samarkandhalfmarathon.uz saytida Samarqand yarimmarafoni ishtirokchilarini ro‘yxatdan o‘tkazishni boshlaymiz. Bu yil tashkilotchilar asosiy e'tiborini autizm spektrining buzilishi (ASB) bilan kasallangan insonlarning imkoniyatlari va nogironligi bo‘lgan shaxslarning madaniyat va san'at obyektlariga kirish muammosiga qaratishmoqda. Tadbir doirasida autizmga chalingan insonlar uchun inklyuziv muhitni yaratish va ularni mamlakatimizdagi ijtimoiy-madaniy va jamoat hayotiga qo‘shilish imkoniyatlari muhokama qilinadi. “Samarkand Half Marathon” yarimmarafonidan tushgan mablag‘lar autizmga chalingan bolalar uchun O‘zbekistondagi maktab-internatlarning birida bolalar ijodiyoti studiyasini tashkil qilishga sarflanishi rejalashtirilgan.

Dunyodagi murakkab epidemiologik vaziyatni inobatga olgan holda 2020 yilda o‘tkazilayotgan “Samarkand Half Marathon” dasturining sport qismi ikki xil shaklda, Samarqanddagi klassik usuldagi yugurish musobaqasi va O‘zbekistonga kelib ishtirok eta olmaydigan sportchilar uchun oflayn virtual musobaqa tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Yarimmarafonning ushbu oflayn shakli har bir ishtirokchiga yugurish uchun joy tanlash erkinligini beradi, shuningdek, musobaqa natijalari to‘g‘risidagi barcha ma'lumotlar “Strava” ilovasi yordamida qayd etib boriladi. Hayriya musobaqasi 1 noyabrdan boshlanadi. Bundan tashqari, dasturga Skandinavcha yurish musobaqasi hamda 12 yoshgacha bo‘lgan bolajonlar uchun esa, alohida bolalar poygasi jadvali ishlab chiqildi. Shuningdek, Samarqand yarimmarafoni loyihasi doirasidagi o‘quv va madaniy dasturlar raqamli formatda o‘tkaziladi.

“National Autistic Society” (Buyuk Britaniya) vakillari bilan hamkorlikda autizm kasalligiga chalingan bolalarning ota-onalari uchun onlayn veb-seminarlar o‘tkaziladi va Britaniya muzeyi mutaxassislari tashabbusi bilan tashkil etilgan “Early Morning Explorers” loyihasi haqida batafsil axborot beriladi. "Do‘stona muhit" (Rossiya) loyihasi ko‘magida bir qator onlayn munozaralar, veb-seminarlar va mahorat darslari tashkil etiladi. Undan tashqari, “The Beat Film Festival” kinofestivali bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan filmlar dasturi veb-saytimizda namoyish etiladi.

AZIZ ABDUHAKIMOV:

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, “Samarkand Half Marathon” yarimmarafonining tashkiliy qo‘mitasi raisi

«Yuqorida aytib o‘tganimdek, Samarqand yarimmarafonini har yili o‘tkaziladigan tadbirga aylantirish juda muhim masalalardan biridir. Mana endi, bir yil o‘tgach, biz yana qulay va inklyuziv muhit yaratish yo‘lidagi muhim muammolarni hal qilishga qaratilgan loyiha ustida ishlayapmiz. Ishonchim komilki, madaniyat muassasalaridan boshlab ushbu harakat bosqichma-bosqich amalga oshirilib, mamlakatimiz ijtimoiy hayotining barcha jabhalarini qamrab oladi. Garchi, bu yil aniq sabablarga ko‘ra ko‘plab ishtirokchilarimiz Samarqandga kelib ishtirok etish imkoniga ega bo‘lmaslarda, dunyoning turli burchaklarida ushbu xayriya aksiyamizga qo‘shilishlari mumkin».

 

SAIDA MIRZIYOEVA:

Milliy ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisining o‘rinbosari

«Samarqand yarimmarafoni eng yirik xayriya loyihalaridan biri hisoblanadi, bu nafaqat bizni faol turmush tarziga amal qilishga, balki, madaniyat va san'at obyektlarida qulay muhitni rivojlantirish kabi dolzarb muammolarga jamoatchilik e'tiborini qaratadi. Barchamizning maqsadimiz bitta - to‘liq ijtimoiy integratsiyani ta'minlash va mamlakatimizning har bir aholisi va mehmonlari uchun teng shart-sharoitlarni yaratish. Buning uchun biz bunday tashabbuslarni faol tarzda qo‘llab-quvvatlab borishimiz va bu kabi tadbirlarni imkon qadar O‘zbekistonda ko‘proq o‘tkazishga harakat qilishimiz kerak».

 

GAYANE UMEROVA:

Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasining ijrochi direktori

«Samarkand Half Marathon – bu har qanday muammoni, qolaversa, madaniyat va san'at obyektlarida inklyuziv muhitni yaratish kabi keng qamrovli masalalarni jamoatchilik bilan birgalikda hal qilinishi mumkinligiga yorqin misoldir. Hukumatimiz ushbu muhitni yanada shakllantirish uchun misli ko‘rilmagan qadamlarni tashlamoqda. Jamiyatimiz ushbu tashabbuslarni katta ishtiyoq bilan qo‘llab-quvvatlayotganini ko‘rishdan mamnunmiz. Buning isboti tariqasida birinchi Samarqand yarimmarafonida ishtirok etgan qatnashchilarning umumiy soni keltirishimiz mumkin».

 

MIRXAN SAGITOV:

Samarkand Half Marathon kuratori, Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasining maxsus loyihalar bo‘limi boshlig‘i

«Bu yil biz sizlar uchun juda ko‘p yangiliklar tayyorladik. Ishtirok etishning yangicha shakli, yangicha yechimlar va yangicha musobaqalar. Mamlakatimizda ilk bor Skandinavcha yurish bo‘yicha rasmiy musobaqa tashkil etilmoqda, bundan tashqari kichik yoshdagi yuguruvchilarning natijalari bolalar uchun alohida tashkil etilgan musobaqa toifasida hisobga olinishi rejalashtirilgan. Albatta, sizlarni noyob medallar va ko‘plab qiziqarli yangiliklar kutmoqda, masalan, yugurish klublari o‘rtasidagi musobaqalar va "Shaharlar aro musobaqalar". Ishtirokchilarga vaqt, joy va masofani tanlash erkinligini o‘zlarida qoldirish bilan birga, biz yuguruvchilar soni bo‘yicha rekordlarni yangilashga, shuningdek, ishtirokchi mamlakatlar geografiyasini kengaytirishga va keng miqyosda katta yugurish bayrami muhitini yetkazishga harakat qilyapmiz. Yarimmarafon tufayli yugurishni yaxshi ko‘ruvchi insonlar soni tobora ko‘paymoqda va bu bizni yugurish musobaqalarining yangi turlarini izlashga va tadbirlarni eng yuqori darajada tashkil etishga undaydi».


MADINA BADALOVA:

Samarkand Half Marathon loyihasining ta'lim va inklyuzivlik dasturlari bo‘yicha kuratori, Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasining ta'lim va inklyuzivlik bo‘limi boshlig‘i

«Samarkand Half Marathon loyihasi yordamida biz autizm bilan kasallangan insonlarning muammolariga e'tibor qaratmoqchimiz, eng muhimi, ularni hal qilish yo‘llarini taklif qilmoqchimiz. Biz jamiyatni moslashishga va bir-birimiz bilan qanday munosabatda bo‘lishni tushunishga o‘rgatishimiz kerak. Bizning loyihamiz xorijiy uyushmalar va mutaxassislar bilan uchrashish hamda tajriba almashish uchun qulay imkoniyatdir. Bizni “National Autism Society” Milliy autizm jamiyati, “British Museum” Britaniya muzeyi va "Do‘stona muhit" loyihasi qo‘llab-quvvatlamoqda, ular bilan hamkorlikda bir qator onlayn ta'lim tadbirlari o‘tkaziladi, bundan tashqari, "The Beat Film Festival" kinofestivali bu yilgi Samarqand yarimmarafonida namoyish etiladigan filmlar dasturi ustida ish boshladi».