Londondagi “O‘zbekiston. Samarqandga yo‘l” kitobining taqdimot marosimi

O‘qish vaqti: 2 min.

12-mart kuni Londondagi “Maison Assouline” butigida “O‘zbekiston. Samarqandga yo‘l” kitobining taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir doirasida ishbilarmon doira vakillari va ommaviy axborot vositalari xodimlari O‘zbekistonning eng yaxshi oshpazlari tomonidan tayyorlangan milliy taomlarimizdan tatib ko‘rish baxtiga muyassar bo‘ldilar. Taklif etilgan mehmonlar orasida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ijrochi direktorining o‘rinbosari Gayane Umerova, O‘zbekiston Respublikasining Buyuk Britaniyadagi favqulodda va muxtor elchisining maslahatchisi Aliyor Tilavov, “Assouline Publishing” nashriyot uyi asoschisi Prosper Assulin, kitob mualliflaridan biri Yaffa Assulin, “Christie’s International Plc” Yevropa maslahat kengashi raisi Pedro Jirao, “KT Wong Foundation” jamg‘armasi asoschisi Lida Deyvis, Assouline va Giles Deacon kengashi a’zosi Charl’z Finch, “Four Seasons Hotel and Resorts”ning Biznesni global rivojlantirish  va portfolioni boshqarish bo‘yicha prezidenti Bart Karnaxan, shuningdek, “Cartier” jamg‘armasinng boshqaruvchi direktori Loran Feniular ishtirok etdi. Dasturning madaniy qismi betakror ovoz sohibasi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Sevara Nazarxon tomonidan taqdim etildi.

Eslatib o‘tamiz, “O‘zbekiston. Samarqandga yo‘l” kitobi O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi va “Assouline Publishing” nashriyotining qo‘shma loyihasi hisoblanadi. O‘quvchilar kitob orqali mintaqamizning madaniyati, san’ati, arxitekturasi va tabiiy landshaftlari bilan tanishadilar. Kitobning nashr etilishi O‘zbekiston madaniyati va san’atining jahon hamjamiyatiga qo‘shilishiga va mamlakatning sayyohlik salohiyatini yanada rivojlantirishiga xizmat qiladi. Kitobning umumiy tiraji 3000 nusxani tashkil etib, hozirda maxsus nashri 500 nusxada chop etiladi. Ushbu kitobga hozirda nashriyotning rasmiy veb-saytida va dunyoning 20 mamlakatidagi do‘konlarida buyurtma berish mumkin.

Fotosuratlar