Kecha, 4 iyul' kuni, Nukusda I.V.Saviskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san'at muzeyi direktori lavozimiga xalqaro tanlovning ikkinchi bosqichi o‘tkazildi. Ekspert kengashi a'zolari oldida 6 nafar nomzod chiqish qildi. Taqdimotlar va suhbatlar natijasiga ko‘ra, tanlov g‘olibi aniqlanib, unga ko‘ra Tigran Mkrtichev g‘olib bo‘ldi. Open Call Xalqaro tanlovi O‘zbekiston Respublikasi Madanit vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Madanit vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi hamkorligida tashkil etildi.
Tanlovni o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26 avgustdagi qarori
(PQ-3920-son) bilan tasdiqlangan Muzeylarda renovasiya dasturining ijrosini ta'minlash maqsadida amalga oshirildi. Dunyoning eng mashhur avangard muzeylaridan birining direktorini tanlash, noyob kolleksiyani asrash va rivojlanishning yangi usulini tanlash ham hisoblanadi. Tanlov O‘zbekiston va xorijiy davlatlar fuqarolari o‘rtasida o‘tkazildi. Nomzod muzey ishi, jamoatchilik faoliyati, ma'muriy masalalar va moliyalashtirish sohalarida malakaga ega bo‘lishi lozim. Tanlov qoidalari va arizalarni topshirish uchun zarur hujjatlar bilan Fondning rasmiy saytida tanishib chiqishingiz mumkin: //acdf.oz/news/34.
Tanlovning birinchi bosqichi natijasiga ko‘ra 6 nafar nomzod aniqlandi. Ular turli mamlakatlar madaniyat muassasalarining quyidagi xodimlari: Tibo de Ryuyter (Germaniya), Tigran Mkrtichev (Rossiya), Sergey Pilyak (Rossiya), Gulshat Baymuratova (Qozog‘istan), Oktyabr' Dospanov (Qoraqalpog‘iston) va Irina Petrushina (Qoraqalpog‘iston). Nomzodlar o‘zlarining taqdimotlarini ekspertlar kengashiga taqdim etdi va Nukusdagi Saviskiy muzeyida yuzma-yuz suhbatdan o‘tdi.
Ekspert kengashi tarkibi quyidagilardan iborat:
Sayfullaev Baxtier Sayfullaevich – O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri;
Tregulova Zel'fira Ismailovna – Davlat Tret'yakov galereyasi direktori;
Manfred Navrot – Berlin davlat muzeylari kuratori;
Styuart Mazer Gibson – YuNESKOning muzey faoliyati, arxeologiya va madaniy siyosat bo‘yicha xalqaro katta maslahatchisi;
Babanazarova Marinika Maratovna – O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisining o‘rinbosari.
Zel'fira Tregulova, Davlat Tret'yakov galereyasi direktori, Moskva:
- Nukusdagi Saviskiy nomidagi muzey ajoyib kolleksiya, infrastruktura va rivojlantirish uchun katta salohiyatga, shuningdek, o‘z tarixi va nomiga ega. Men O‘zbekiston Respublikasi rahbariyatining muzey direktori lavozimini egallash uchun ochiq xalqaro tanlovni o‘tkazishga qaror qabul qilganligidan xursandman. Ishonchim komilki, tanlov mazkur institusiya tarixida yangi sahifalarni ochadigan, o‘z ishining eng yaxshi ustasini jalb etish imkonini beradi.
Tanlov protokol asosida o‘tkazildi. Har bir nomzod muzeyni rivojlantirish va uning konsepsiyasi bo‘yicha o‘z taqdimoti bilan chiqish qildi. Taqdimotdan so‘ng, nomzodlar ekspertlar kengashi a'zolarining savollariga javob berdilar. Muzokaralar va to‘plangan ballar hisoblangach hamda bayonnoma rasmiylashtirilgandan so‘ng, tanlov g‘olibi e'lon qilindi. Unga ko‘ra, eng yuqori ball (430 ball) to‘plagan Tigran Mkrtichev tanlov g‘olibi bo‘ldi.
Ma'lumot o‘rnida: Tigran Mkrtichev (Moskva. Rossiya). 2017 yildan hozirgi vaqtgacha Sharq xalqlari san'ati davlat muzeyi filiali – Rerixovlar muzeyi direktori (Bosh direktor o‘rinbosari) hisoblanadi. 2005-2017 yillarda Rossiya Federatsiyasi Madaniyat vazirligi Sharq xalqlari san'ati davlat muzeyi filiali – Rerixovlar muzeyi direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari;
Sharq xalqlari san'ati davlat muzeyi, Rerixovlar muzeyi, A.S.Pushkin nomidagi tasviriy san'at davlat muzeyi, Reys-Engel'xort muzeyi (Manxeym, Germaniya), Metropoliten muzeyi (AQSh), Turkmaniston tasviriy san'at muzeyi (Ashxobod) va boshqa joylarda o‘tkazilgan 20 dan ziyod ko‘rgazmalarning kuratori (ishchi guruhlar a'zosi); 2012 yildan Moskva rassomlar jamiyatlari uyushmasi (MOSX) a'zosi. O‘zbekistonda o‘tkazilgan arxeologik ekspedisiyalar rahbari (Do‘rmontepa qal'asi, Samarqand; Varaxsha qal'asi, Buxoro; Qoratepa qal'asi, Termiz; Kampirtepa qal'asi, Termiz), Tuva, RF (Por-Bajin yodgorligi), XXRning Shinjon-Uyg‘ur avtonom viloyati (Sengim qal'asi, Turfon) – 1994-2008 yillar; Rossiyaning VDNX (Xalq xo‘jaligi yutuqlari ko‘rgazmasi) muzeylar shahri ekspert kengashi a'zosi, 2017-2018 yillar; 2018 yildan “Buyk Kelajak” ekspertlar kengashi a'zosi (O‘zbekiston Respublikasi). Mukofotlari: 2002 yilda Rossiya Federatsiyasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi unvoniga sazovar bo‘lgan.
Natijalar e'lon qilingach, Tigran Mkrtichev o‘z taasurotlari bilan bo‘lishdi:
- Avvalambor shuni aytmoqchi edimki, mazkur lavozim ulkan mas'uliyat yuklaydi. Oldinda katta va mashaqqatli ishlar turibdi. O‘z taqdimotimda bildirilgan barcha g‘oyalarni oshirishda menga muzey jamoasi va mamlakat rahbariyati, shuningdek, butun dunyodagi kasbdoshlarimning ko‘maklashishiga umid qilaman. Axir, Saviskiy muzeyi nafaqat O‘zbekistonning, balki butun insoniyat madaniy boyligining ajralmas qismidir.
Tanlov yuzasidan va g‘oliblar haqida o‘z fikrlarini ekspertlar kengashi a'zolari ham bildirdi.
Baxtier Sayfullaev, O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri:
- Men ekspertlar kengashi a'zolariga ularning ishtiroki, nomzodlarga bergan savollari va barcha qilgan ishlari uchun ulkan minnatdorlik bildiraman. Nomzodlarning chiqishlari kuchli edi va har bir nomzod o‘z rivojlantirish talqinini taqdim etdi. Chin dildan g‘olibni, Tigran Mkrtichevni tabriklayman. O‘zbekiston muzeylarining renovasiya dasturi sohasida ma'muriy islohot amalga oshirilgandan so‘ng, u o‘z xizmat vazifasiga kirishadi. O‘ylaymanki, yangi direktor joriy yilning sentyabr' oyida o‘z vazifasini rasmiy bajarishga kirishadi. Men shaxsan Mkrtichevni Saviskiy nomidagi muzeyning yangi direktori sifatida muzey xodimlari va jamoatchilikka taqdim etish uchun Nukus shahrida bo‘lishga harakat qilaman.
Marinika Babanazarova, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining Jamoatchilik kengashi raisi o‘rinbosari:
- Mening fikrimcha, bugun bizning mamlakatimiz madaniy hayoti tarixida katta voqea sodir bo‘ldi. Birinchi marta O‘zbekistonning eng taniqli muzeylaridan birining direktori lavozimiga nomzod ochiq ovoz berish yo‘li bilan tanlandi. Bu mamlakatimizda muzey rahbari lavozimiga loyiq nomzodni tanlash uchun demokratik sharoitlar yaratilganidan dalolat bermoqda. Insonni rahbar lavozimiga tanlashning mazkur usuli biz uchun noodatiy bo‘lib, jahon amaliyotida ko‘pdan beri qo‘llanilib kelinadi. Tanlovning innovasion yo‘sinda ochiq, shaffof o‘tkazilishi meni juda quvontirdi. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasining hissasi katta bo‘ldi. Shuningdek, ekspert kengashi tarkibidagi e'tiborga sazovar insonlar qatorida bo‘lish naqadar yoqimli. Biz nomzodlarga bergan savollarimiz orqali ular tomonidan taqdim etilgan konsepsiyalarning tafsilotlarini tushunishga va ochishga harakat qildik. Har bir taqdimotda o‘ziga yarasha qiziqarli yechimlar va bandlar bor edi.
Men janob Tigran Mkrtichev tanlov g‘olibi bo‘lganidan xursand bo‘ldim. U olim, muzey xodimi va kuratori sifatida ulkan xalqaro tajriba ega. Tigranning bizning yurtdoshimiz, Toshkent universiteti bitiruvchisi, Markaziy Osiyo mintaqasi va o‘lkamizning qadimiy tarixi bilimdoni ekanligi ekspert kengashini befarq qoldirmadi. U o‘z nutqida O‘zbekistonning buyuk olimlarining tarbiyalanuvchisi, o‘z ustozlari oldidagi burchini bajarishni xohlayotganini, uni hozirgi mavqega erishtirgan zaminni qadrlashini ta'kidlab o‘tdi. Mening janob Mkrtichevga shaxsiy tilagim shuki, qiyinchiliklardan qo‘rqmaslik va bor kuchi bilan ishlash. Yordamimiz kerak bo‘lsa, biz yordam berishga doim tayyormiz.